Zum Hauptinhalt springen Zum Seitenfuß springen

Saksoniyaga
xush kelibsiz!

Saksoniya erkin davlati (nem. Freistaat Sachsen) Germaniyaning 16 federal oʻlkalaridan biri boʻlib, Federativ respublikaning sharqida joylashgan. Saksoniya poytaxti - Drezden, boshqa muhim shaharlari - Laypsig va Xemnits. Saksoniyada jami toʻrt millionga yaqin aholi yashaydi. Saksoniyaning barcha oʻqish maskanlari haqida umumiy ma’lumotni shu yerda olishinigiz mumkin.

Saksoniya universitetlari milliy va xalqaro miqyosda juda yaxshi nom qozongan. Saksoniyada Germaniyaning barcha mintaqalari va butun dunyodan kelgan 100 000dan ortiq talaba tahsil oladi. Siz ajoyib oʻquv sharoitlari, zamonaviy kutubxonalar va laboratoriyalar, individual yordam va noyob oʻquv dasturlarining keng koʻlamidan bahramand boʻlasiz. O‘qishni tamomlagandan so‘ng Saksoniyada kasbiy o‘sishning ko‘plab imkoniyatlari taklif etiladi. Saksoniyaning eng muhim tarmoqlari – bu avtomobilsozlik va yarimoʻtkazgichlar sanoatidir. Bu boʻyicha batafsil ma’lumotni bizning boʻsh ish oʻrinlari hadida e’lonlarimizda olishingiz mumkin.

Oʻqish davrining oʻzidayoq Germaniyada kasbiy tajriba orttirishingiz mumkin. Koʻp firmalar va ayniqsa oliygohlarning oʻzlari talabalarga ish taklif qiladilar, va shu orqali oʻqish davomida olgan bilimlaringizni amalda qoʻllagan holda qoʻshimcha pul ishlashingiz ham mumkin. Bundan tashqari koʻp bakalavriat dasturlari oʻz ichiga majburiy ishlab chiqarish amaliyotini ham oladi. Dual ta’lim oliygohida oʻqish bilan parallel ravishda biron bir firmada kasbiy tayyorgarlikni ham oʻtashingiz mumkin.

Saksoniyada, ayrim istisnolardan tashqari, oʻqish bepuldir, kichik semestr toʻlovi bundan mustasno. Saksoniyaning aksariyat shaharlarida ijara haqi hali ham juda arzon. Xemnits va Svikau shaharlari talabalar uyushmasiga qarashli yotoqxonalarda oyiga 200 yevrodan arzon xonani ijaraga olishingiz mumkin. Saksoniyadagi hayot haqida batafsil maʻlumotni shu yerda olishingiz mumkin.

Saksoniyada o‘qish – biz Siz uchun shu yerdamiz!

Saksoniyada o‘qishga qiziqasizmi? Elektron pochta manzilingizni qoldiring va Saksoniya oliygohlarining O‘zbekistondagi ofisi xodimi Siz bilan bog‘lanadi.

* Majburiy maydonlar

Oʻzbekistonlik abituriyentlar uchun Saksoniya oliygohlariga qabul haqida ma’lumot

1. Qabul talablari bilan tanishish

Xorijiy talabalarga mavjud ta’lim hujjatiga qarab Germaniyada oʻqish uchun muayyan talablar amal qiladi. O‘zbekiston uchun talablarni Siz „Anabin“ saytining „Schulabschlüsse mit Hochschulzugang“ qismida tekshirishingiz mumkin.

Agar Oʻzbekistondagi Siz oʻqiyotgan oliygoh „H +/-“ roʻyxatida boʻlsa, demak u toʻliq akkreditatsiyaga ega emas va Saksoniyada oʻqishga doir qaror individual ravishda qabul qilinadi.

Saksoniya oliygohlarining aksariyatiga bakalavriat uchun hujjatlarni topshirish „Uni Assist“ portali orqali amalga oshiriladi. Ushbu portal hujjatlaringizni tekshirib, tanlagan oliygohga kirish uchun qoʻshimcha mezonlarni ham aniqlaydi.
 

Maslahat

Agar hozirda Oʻzbekistondagi oliygohida oʻqib turib, oʻqishni Saksoniyada davom ettirishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, Siz hozirda tahsil olayotgan oliygoh „Anabin“ saytining „Institutionen“ qismida „H+“ maqomi bilan roʻyxatga olinganligini tekshirib koʻring.

2. Oʻqishga kirish yoʻlini tanlash

Agar O‘zbekistonda o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga (11-sinf yoki akademik litsey) ega bo‘lsangiz, Saksoniya oliygohida oʻqish uchun avval tayyorlov kollejini (Studienkolleg) bitirishingiz kerak boʻladi. Toshkentdagi Saxon Science Liaison Ofisi orqali 2024-yilning qishki semestri uchun texnik profil boʻyicha (T-Kurs) tayyorlov kollejiga oʻqishga hujjat topshirishingiz mumkin. T-kursi Sizga Saksoniyada muhandislik fanlari, tabiiy fanlar, kompyuter texnologiyalari, materialshunoslik yoki matematika kabi texnik sohalarda tahsil olish huquqini beradi. Saksoniyada boshqa Studienkolleglar ham mavjud boʻlib, ularning birida ham oʻqishingiz mumkin.

Agar O‘zbekistonda bakalavr bosqichida o‘qiyotgan bo‘lsangiz va Siz oʻqiyotgan oliygoh „Anabin“ saytida „H+“ ro‘yxatida bo‘lsa, unda Siz Saksoniya oliygohlaridan biriga Oʻzbekistonda oʻqigan yoki turdosh mutaxassislik boʻyicha bakalavriatga kirishingiz mumkin. Agar Siz „Anabin“ saytida „H+“ maqomidagi Oʻzbekiston oliygohida bakalavriatni toʻliq tugatgan boʻlsangiz, oʻqishni Saksoniyada tegishli mutaxassislik boʻyicha magistraturada davom etishingiz yoki Saksoniyadagi har qanday boshqa mutaxassislik boʻyicha bakalavriatda noldan oʻqish imkoniyatiga ega boʻlasiz. Agar Sizda Oʻzbekistonda magistrlik diplomi boʻlsa, unda Saksoniyada tegishli mutaxassislik boʻyicha doktoranturaga kirishingiz ham mumkin. Bundan tashqari, bakalavriat va magistratura tizimlariga boʻlinmaydigan „Diplom“ oʻquv dasturlari va „davlat imtihoni“ (Staatsexamen) mavjud. Ular uchun qabul talablari odatda bakalavriat bilan bir xil. Koʻpincha „diplom“ dasturlari texnik mutaxassisliklar boʻyicha taklif etiladi. Tibbiyot, pedagogika, yuridik va farmasevtika mutaxassisliklari „davlat imtihoni“ dasturlarini taklif qilib, yakuniy imtihonlar davlat organlarida topshirishadi.

3. Ta’lim muassasalarini tanlash

Oʻqishga kirish imkoniyatlarini oshirish uchun Sizga bir nechta oliygohlarga hujjat topshirishni tavsiya etamiz. Oliygohni tanlashda uning joylashuvi va infratuzilmasi bilan batafsil tanishib chiqing.

4. Fakultet va mutaxassislikni tanlash

Saksoniya oliygohlari qaysi mutaxassisliklarni taklif qilishlarini oʻrganib chiqing. Sizni qiziqtirgan bir yoki bir nechta mutaxassisliklarni tanlang. Mutaxassisliklarning oʻquv dasturlarini oʻrganib chiqib, ularni bir-biri bilan taqqoslang. Bitta mutaxassislik boʻyicha turlicha oliygohlarda turlicha oʻquv dasturlari taklif qilinadi. Bakalavriatda o‘qish deyarli toʻliq nemis tilida o‘tiladi. Magistraturada esa ko‘plab dasturlar ingliz tilida ham oʻqitiIadi.

5. Oʻqishga qabul qilish talablarini oʻrganish

Har bir mutaxassislik boʻyicha qabul talablarini oʻrganib chiqing. Talablar oliygohga qarab farqlanishi mumkin. Ba’zi fan sohalari uchun „Numerus Clausus“ deb ataladigan minimal ballar soni mavjud. Kerakli hujjatlar roʻyxatini, talab qilinadigan til darajasini va hujjatlarni topshirish muddatini diqqat bilan oʻrganib chiqing. Hujjatlarni topshirish uchun talab etiladigan nemis tilining minimal darajasi „B1“ yoki „DSH I“ boʻlishi kerak. Hujjatlar topshirilgandan soʻng, „C1“ yoki „DSH II“ darajasiga erishish uchun, zarur hollarda, ma’lum universitet qoshidagi tayyorlov kursiga yoki pullik til kurslariga yuborilishingiz mumkin, va shundan soʻng oʻqishga qabul qilinasiz.

6. Til sertifikatini olish

Oldindan til sertifikatini olib qoʻying. Studienkollegga kirish uchun Sizga B1 darajasi (Gyote, Telc, DSD I, DSH I) kerak bo‘ladi, bunda Toshkentdagi Studienkollegning o‘zida ham imtihon topshirib, sertifikat olishingiz mumkin. Nemis tilida oʻqitiladigan mutaxassisliklar uchun C1 darajasi talab etiladi (TestDaF-level 4 imtihonning barcha qismlarida, Telc C1 Hochschule, DSD II, DSH II). Ingliz tilidagi mutaxassisliklar uchun kamida B2 darajasi talab etiladi (IELTS kamida 6.0, TOEFL kamida 90).

7. Hujjatlarni topshirish

Tanlangan oliygoh va mutaxassislik talablariga muvofiq hujjatlarni tayyorlang, va bunda barcha jihatlarni hisobga oling. Keyinchalik hujjatlarni qabul komissiyalariga jo‘natib, javobini kuting. Agar oʻqishni boshlashdan oldin Siz tanlagan universitetda til kurslarini oʻtashingiz yoki tayyorlov kollejida (Studienkolleg) oʻqishingiz talab etilsa, universitetga hujjatlarni topshirish muddati ancha ertaroq boʻlishi mumkin. 

Maslahat

Aksar oliygohlarda hujjat topshirishning quyidagi muddatlari belgilanadi: qishki semestr uchun 15.07gacha va yozgi semestr uchun 15.01gacha. 

8. Saksoniya oliygohiga oʻqishga qabul qilish uchun qaysi hujjatlar talab etiladi?

Oʻqishga qabul qilish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxati oliygoh, fakultet va tanlangan mutaxassislikga qarab farq qiladi.

Har bir tanlangan universitet va har bir tanlangan mutaxassislikda oʻqish uchun talablar va kerakli hujjatlarni diqqat bilan oʻrganib chiqing. Hujjatlarni tarjima qilish talablari ham hisobga olinishi kerak.

Minimal roʻyxat quyidagi hujjatlarni oʻz ichiga oladi:

  • o‘rta va agar mavjud bo‘lsa, oliy ta’lim to‘g‘risidagi guvohnoma
  • til sertifikatlari
  • motivatsiya xati
  • pasport nusxasi
  • fotosurat

Oliygoh hujjatlardagi mavjud kamchiliklar toʻgʻrisida Sizni oʻz vaqtida xabardor qila olishi uchun hujjat topshirish muddatining tugashiga taxminan 8 hafta qolganda hujjatlarni topshirish tavsiya etiladi. Hujjatlarni koʻrib chiqishning taxminiy vaqti taxminan 6 hafta.

Baʻzi oliygohlar hujjatlarni faqat “Uni Assist” portali orqali, baʻzilari esa toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qiladilar. Tanlangan oliygohning veb-saytida qanday hujjatlar topshirilishini diqqat bilan oʻqing.

9. Yotoqxona

Oʻqishga qabul qilinishingiz tasdiqlangandan soʻng, Siz oliygoh qoshidagi Studentenwerk tashkilotiga yotoqxonadan joy olishga navbat olish uchun murojaat qilishingiz yoki oʻzingiz mustaqil ravishda turar joy topishingiz kerak boʻladi.

10. Vizani rasmiylashtirish

Germaniyada oʻqish uchun milliy viza talab etiladi. Germaniya elchixonasi / Bosh konsulligi talablarini oʻrganib chiqing. Mazkur vizani olish uchun Germaniya konsulligiga murojaat qiling. Hujjatlarni tayyorlang va bloklangan hisob raqamini ochdiring (nem. Sperrkonto - bu nemis bankidagi maxsus hisob raqami boʻlib, bunda Siz har oy maʻlum bir cheklangan miqdorni olish imkoniga ega boʻlasiz) hamda milliy viza uchun ariza topshiring. 2024-yildagi bloklangan hisob raqami depozit miqdori birinchi oʻquv yili uchun 11 208 evroni tashkil etadi.

Maslahat olish

Saksoniya oliygohlarida oʻqish, Studienkollegga kirish va hujjatlarga qoʻyiladigan talablar boʻyicha Toshkent shahrida joylashgan Saksoniya oliygohlarining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasida (Saxon Science Liaison Office Uzbekistan) bepul maslahat olishingiz mumkin.